Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari bo'yicha o'zlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (to'liq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bog'liq zarar uchun o'zlari qo'shgan hissalar doirasida javobgar bo'ladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qatnashmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qo'shuvchi, kommanditchi) mavjud bo'lsa, bunday shirkat kommandit shirkat hisoblanadi.
Kommandit shirkatda qatnashayotgan to'liq sheriklarning huquqlari va ularning shirkat majburiyatlari bo'yicha javobgarligi ushbu Kodeksning qoidalari bilan belgilanadi.
Shaxs faqat bitta kommandit shirkatda to'liq sherik bo'lishi mumkin.
To'liq shirkat ishtirokchisi kommandit shirkatda to'liq sherik bo'la olmaydi.
Kommandit shirkatdagi to'liq sherik o'sha shirkatning o'zida hissa qo'shuvchi va boshqa to'liq shirkatda ishtirokchi bo'lishi mumkin emas.
Kommandit shirkatning firma nomi barcha to'liq sheriklarning nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek «kommandit shirkat» degan so'zlarni yoki kamida bitta to'liq sherikning «va kompaniya» degan so'zlar qo'shilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek «kommandit shirkat» degan so'zlarni o'z ichiga olishi kerak.
Agar kommandit shirkatning firma nomiga hissa qo'shuvchining nomi kiritilgan bo'lsa, bunday hissa qo'shuvchi to'liq sherikka aylanadi.
Kommandit shirkatga to'liq shirkat haqidagi qoidalar qo'llaniladi, agar bu hol ushbu Kodeksning qoidalariga zid bo'lmasa.
lex.uz’dagi asl matnFuqarolik kodeksi
61-modda. Kommandit shirkat
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.