Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi ushbu Kodeksning 47-moddasiga muvofiq belgilangan tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash muddati tugaydigan kundan kechiktirmay quyidagi usullarning biri orqali tugallanadi:
qayta ishlash mahsulotlarini erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish;
olib chiqilgan tovarni yoki uning qoldig'ini reimport bojxona rejimiga joylashtirish;
olib chiqilgan tovarni yoki uning qoldig'ini amalda bojxona organiga taqdim etmasdan, ushbu Kodeksda belgilangan talablar va shartlarga rioya etgan holda eksport bojxona rejimiga joylashtirish, bundan bojxona to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq olib chiqilgan tovar yoki uning qoldig'i majburiy tartibda reimport qilinishi shart bo'lgan hollar mustasno.
Qayta ishlash mahsulotlari bittadan ortiq turkumda olib kirilayotganda, qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasida ko'rsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib ko'rish vaqti-vaqti bilan, lekin uch oyda kamida bir marta va qayta ishlash mahsulotlarining oxirgi turkumi import qilingan kundan e'tiboran o'ttiz kalendar kundan kechiktirmay amalga oshirilishi mumkin.
Qayta ishlash mahsulotlari miqdorining bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasida ko'rsatilgan miqdorga muvofiqligini tekshirib ko'rish natijalari bo'yicha bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxs bilan birgalikda dalolatnoma tuzadi. Agar olib kirilgan qayta ishlash mahsulotlarining miqdori tekshirib ko'rish natijasida ruxsatnomada ko'rsatilgan miqdordan ortiqligi aniqlangudek bo'lsa, bojxona organi qo'shimcha bojxona to'lovlari to'lash zarurligi to'g'risida qaror qabul qiladi. Bunday holda bojxona organi ruxsatnoma olgan shaxsga qaror qabul qilingan kunning ertasidan kechiktirmay yozma shaklda xabar qilishi shart. Agar bunday to'lovlarni to'lash yozma xabar olingan kundan e'tiboran o'n ish kuni ichida amalga oshirilsa, ularning summalariga penya hisoblanmaydi.
Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimi qo'llanilganligi to'g'risidagi ma'lumotlarni qayta ishlash muddati tugagan kundan e'tiboran o'ttiz kalendar kun ichida solishtirib chiqishi shart.
Qayta ishlash mahsulotlari bojxona hududiga qaytarilmagan taqdirda, bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilgan tovarga nisbatan mazkur tovar eksport bojxona rejimiga joylashtirilganda bo'lgani kabi bojxona bojlari va soliqlar qo'llaniladi. Bunda tovar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundagi bojxona bojlari va soliqlar stavkalari qo'llaniladi.
Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimini tugallashda tovarning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan bojxona organi tomonidan yoki vakolatli shaxsning arizasiga ko'ra, ushbu tovarning o'ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, zarur hajmda, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo'lgan boshqa bojxona organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Arizani topshirishda vakolatli shaxs bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida tovarni olib chiqishga doir bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishi kerak.
lex.uz’dagi asl matn52-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimini tugallash
(52-модданинг биринчи ва иккинчи қисмлари Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 27 февралдаги ЎРҚ-913-сонли Қонунига асосан биринчи қисм билан алмаштирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 27.02.2024 й., 03/24/913/0158-сон — 2024 йил 28 майдан кучга киради)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.