Customs Code

226-modda. Tovarlarni va ularga doir hujjatlarni bojxona organi tomonidan belgilanadigan joyga yetkazib berish

(226-модда иккинчи қисмининг иккинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2022 йил 1 февралдаги ЎРҚ-748-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 02.02.2022 й., 03/22/748/0086-сон — 2022 йил 3 майдан кучга киради)

Tovar kelib tushadigan bojxona organi joylashgan yerlarga yoki jo'natuvchi bojxona organi tomonidan belgilangan boshqa joylarga tovar yetkazib beriladi. Tovar kelib tushadigan bojxona organining ish vaqtidan tashqari paytda tovar yetkazib berilgan taqdirda, u bojxona nazorati zonasiga joylashtiriladi. Tashuvchi tovar kelib tushadigan bojxona organini tovar yetkazib berilganligi to'g'risida quyidagilarni taqdim qilish orqali xabardor qiladi: tranzit deklaratsiyasini; tovarning kuzatuv hujjatlarini; yetkazib berilgan tovarlarni. Xabar qilish tovarlar yetkazib berilganidan keyin o'ttiz daqiqadan kechiktirmay, tovarlar tovar kelib tushadigan bojxona organining ish vaqtidan tashqari paytida yetkazib berilgan taqdirda esa, bojxona organining ish vaqti boshlanganidan keyin o'ttiz daqiqadan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Tovar kelib tushadigan bojxona organi xabarnomani olgan paytdan e'tiboran uch soat ichida tovarning kuzatuv hujjatlariga belgi qo'yish orqali tovar va transport vositasi yetkazib berilganligi faktini tasdiqlaydi. Bojxonaga oid huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda tovar va transport vositasi yetkazib berilganligi to'g'risidagi tasdiqnoma tekshirish tugallanguniga qadar to'xtatib turiladi. Yetkazib berilganligi tasdiqlangan paytdan e'tiboran tovar vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovar maqomini oladi. Tovar yetkazib berilganidan hamda tovar kelib tushadigan bojxona organiga tegishli hujjatlar va ma'lumotlar taqdim qilinganidan keyin tovar tushirib olinishi yoki qayta ortilishi, bojxona omboriga vaqtincha saqlash uchun joylashtirilishi, muayyan bojxona rejimiga ma'lum qilinishi mumkin. Ushbu moddaning talablarida nazarda tutilgan harakatlar yoki holatlar oqibatida tashuvchi qilgan xarajatlar tashuvchining hisobiga yoziladi va ularning o'rni bojxona organlari tomonidan qoplanmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.